134-modda. Uran boʻyicha konchilik faoliyatini amalga oshirish uchun ekologik ekspertizani oʻtkazish va uning yuzasidan ijobiy xulosa olish boʻyicha alohida majburiyatlar
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Uran boʻyicha konchilik faoliyati uchun ekologik ekspertizani oʻtkazish radiologik ekologik ekspertizani ham oʻz ichiga oladi, ushbu ekspertiza uran boʻyicha konchilik faoliyatiga doir barcha radiologik jihatdan bogʻlangan ishlarning bosqichlarini, shu jumladan konchilik faoliyatining radioaktiv chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish va yer qaʼridan foydalanish uchastkasini tiklash boʻyicha biror-bir obyektdan foydalanishni toʻxtatishga taalluqli ishlarning bosqichlarini qamrab oladi.
Yer qaʼridan foydalanuvchi ekologik ekspertiza natijalarini maxsus hisobotda batafsil tavsiflaydi, uning shakli va mazmuni qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Aholi va atrof-muhitning himoyalanganlik darajasini koʻrsatish hamda qoʻllaniladigan xavfsizlik talablari toʻliq bajarilishi haqida radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organga va har qanday boshqa manfaatdor taraflarga zarur kafolatlarni berish uchun uran rudasini qayta ishlovchi biror-bir yangi korxonani yoki konchilik faoliyatining radioaktiv chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshiruvchi korxonani qurishga yoki shunday turdagi biror-bir mavjud korxonani rekonstruksiya qilishga doir maxsus ruxsatnoma olish istagida boʻlgan har qanday shaxs radiatsiyaviy xavfsizlik asosini va radiatsiyaviy xavfsizlikning tasdiqlovchi bahosini ishlab chiqishi hamda radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organlarga tasdiqlash uchun taqdim etishi kerak.
Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan radiatsiyaviy xavfsizlik asosida va radiatsiyaviy xavfsizlik bahosida yer qaʼri uchastkasidagi radiatsiyaviy xavfsizlik bilan bogʻliq boʻlgan barcha jihatlar, tegishli obyektni loyihalashtirish va undan foydalanish, shuningdek boshqaruv va nazoratga doir chora-tadbirlar batafsil tavsiflangan boʻlishi kerak.
Uran rudasini qayta ishlovchi biror-bir yangi ishlab chiqarish obyektini yoki konchilik sanoatining radioaktiv chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshiruvchi ishlab chiqarish obyektini qurish yoki biror-bir mavjud boʻlgan shunday obyektni rekonstruksiya qilish uchun foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma olish istagida boʻlgan har qanday shaxs quyidagilarni taʼminlashi kerak:
1) qilingan xulosalarni tasdiqlashga va tartibga soluvchi organlar tomonidan mustaqil tekshirish hamda koʻrib chiqish uchun tegishli asosni taʼminlashga yetarli boʻlgan radiatsiyaviy xavfsizlikning batafsil baholanishini;
