133-modda. Ekologik ekspertizani oʻtkazishga doir talablar
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Ekologik ekspertizani oʻtkazish chogʻida yer qaʼridan foydalanuvchi “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni normalari va talablariga rioya etishi shart, shuningdek, agar qoʻllaniladigan boʻlsa:
1) yer qaʼridan foydalanish boʻyicha ishlarni amalga oshirish chogʻida rejalashtirishning ekologik jihatdan xavfsiz tartib-taomillari qoʻllanilishini va tegishli texnologiyalardan foydalanilishini taʼminlashi;
2) foydali qazilmalarni qazib olish uchastkasida va (yoki) tegishli qayta ishlovchi korxonalarda ekologik nazorat, yongʻin xavfsizligi va, zarur boʻlgan hollarda, radiatsiya xavfsizligi uchun tegishli monitoring tizimini oʻrnatishi hamda joriy etishi;
3) baxtsiz hodisalar va avariyalarning oldini olish rejasini ishlab chiqishi;
4) atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqlik darajasining tahlilini amalga oshirishi;
5) yer qaʼri uchastkasida va qayta ishlovchi korxonalarda shovqin hamda tebranishlar darajasini aniqlashi va nazorat qilishi;
6) yer qaʼridan foydalanishning va qayta ishlash boʻyicha ishlarning yer uchastkasi bilan yonma-yon joylashgan tabiiy obyektlarga hamda muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar majmualariga taʼsirini aniqlashi;
7) tegishli malakali xodimlarni jalb etgan holda yer qaʼri uchastkasida hayvonot va oʻsimlik dunyosini oʻrganishi hamda ularning monitoringini amalga oshirishi;
8) qishloq xoʻjaligi yerlarida tuproqning unumdor qatlamini aniqlash, zarur boʻlgan hollarda esa bunday tuproqni olish va maxsus ajratilgan joylarga olib chiqish maqsadida yer qaʼridan foydalanish uchastkasi tuprogʻining agrokimyoviy tadqiqotlarini oʻtkazishi;
9) Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan oʻsimliklarning biror-bir turlarini yoki yoʻqolib ketish xavfi ostida qolgan yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarning turlarini aniqlash maqsadida yer qaʼri uchastkasidagi oʻsimliklarni oʻrganishi;
10) foydali qazilmalar qazib olinganidan (yoki boshqa konchilik faoliyatidan) keyin ushbu Qonunga muvofiq yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha batafsil rejani, shu jumladan buzilgan yerlarni tiklash rejasini tuzishi;
11) yer qaʼridan foydalanilayotgan tumanda yoki yer qaʼridan foydalanish uchastkasining bevosita yaqinida yashovchi aholining sogʻligʻiga har qanday ehtimoliy salbiy va (yoki) zararli taʼsirini aniqlashi kerak.
