132-modda. Yer qaʼridan foydalanuvchining ekologik ekspertizani oʻtkazishga va uning yuzasidan yer qaʼridan foydalanish boʻyicha muayyan ishlarni bajarish uchun ijobiy xulosa olishga doir majburiyatlari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazishga doir talablarga qoʻshimcha ravishda yer qaʼridan foydalanish boʻyicha quyidagi ishlarga nisbatan ekologik ekspertiza oʻtkazishi shart:
1) yer qaʼrini yerlarning butunligi tasodifiydan koʻra koʻproq buzilishini taqozo etuvchi geologik jihatdan oʻrganish (masalan, zovurlar qazish, boshlama quduqlarni burgʻilash va seysmik tadqiqotlar);
2) foydali qazilmalarning asosiy turlarini qazib olish va qayta ishlash;
3) noruda foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash;
4) uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganish va qazib olish boʻyicha qatlamning, shu jumladan u bilan bogʻlangan quduqlarning gidravlik yorilishini nazarda tutuvchi ishlar, shuningdek ilmiy sinovlar;
5) uglevodorodlar uchun quduqlarni burgʻilashga doir ishlarning barcha turlari;
6) neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirish chogʻida geogen suvlarni boshqa oʻzanga burib yuborish, shu jumladan quduqlar orqali burib yuborish, agar bunday ishlar ushbu moddada nazarda tutilmagan boʻlsa;
7) uglevodorodlarni qayta ishlash va tashish obyektlarini qurish, montaj qilish hamda ulardan foydalanish;
8) maydoni besh gektardan ortiq boʻlgan konchilik faoliyati chiqindilari obyektlari;
9) maydoni ikki gektardan ortiq boʻlgan kukunlar toʻplagichlarni va suv quyiladigan hovuzlarni shakllantirish;
10) ifloslangan tuproqni yoki boshqa zararli materialni joylashtirish, konchilik sanoati chiqindilaridan yoki kukunlar toʻplagichlardan tashqari;
11) odamlar halok boʻlishi ehtimolini, inson sogʻligʻi uchun jiddiy xavfni yoki atrof-muhit uchun jiddiy tahdidni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan chiqindilar joylashtiriladigan obyektlar;
12) foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq boʻlmagan, xavfli va zaharli moddalarni saqlashni koʻzda tutuvchi maqsadlarda yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish;
13) radioaktiv moddalarni koʻmib tashlash uchun yer osti omborlarini qurish va ulardan foydalanish.
