131-modda. Yer qaʼri holatining davlat monitoringi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼri holatining davlat monitoringi undagi oʻzgarishlarni oʻz vaqtida aniqlash, baholash, salbiy jarayonlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish uchun yer qaʼri holatining kuzatuvlari tizimidan iboratdir. Yer qaʼri holatining davlat monitoringi davlat atrof-muhit monitoringi kompleks tizimining tarkibiy qismidir.
Yer qaʼri holatining davlat monitoringi quyidagilar boʻyicha yuritiladi:
1) xavfli ekzogen geologik jarayonlar;
2) endogen geologik jarayonlar;
3) foydali qazilmalar konlari;
4) foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadlar uchun foydalanilayotgan yer qaʼri makonlari.
Yer qaʼri holatining davlat monitoringi respublika, mintaqaviy va mahalliy darajalarda amalga oshiriladi.
Yer qaʼri holatining respublika va mintaqaviy darajalardagi davlat monitoringi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan — ekzogen geologik jarayonlarga va qattiq holdagi foydali qazilmalar konlariga oid qismida;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan — uglevodorodlar konlariga oid qismida;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Seysmologiya instituti tomonidan — endogen geologik jarayonlarga oid qismida;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan — foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadlar uchun foydalanilayotgan yer qaʼri makoniga oid qismida yuritiladi.
Yer qaʼri holatining respublika va mintaqaviy darajalardagi davlat monitoringini yuritish uslubiyati hamda davriyligi tegishli vazirliklar va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Yer qaʼri holatining mahalliy darajadagi davlat monitoringi yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan yer qaʼrining foydalanilayotgan uchastkasidagi faoliyatni tartibga soluvchi hujjatlarga muvofiq taqdim etilgan konturlar doirasida geologik muhitni kuzatishlar asosida yuritiladi.
Yer qaʼri holatining davlat monitoringi, shuningdek mahalliy monitoringi natijalari monitoringni oʻtkazuvchi tegishli organ tomonidan yer qaʼri davlat fondining kadastriga kiritish uchun Yer qaʼridan foydalanish markaziga yer qaʼri uchastkasining holatini hisobga olish uchun kiritiladi.
Ushbu moddada koʻrsatilgan vakolatli organlar va tashkilotlar tomonidan yer qaʼri holatining davlat monitoringi davomida olingan axborot bir yilda kamida bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga taqdim etiladi.
