130-modda. Yer qaʼridan foydalanish boʻyicha faoliyatni tekshirish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼrini va atrof-muhitni geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish hamda uni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining ekologik inspektorlari tomonidan amalga oshiriladi.
Inspektor kunduzi yoki kechasi maqbul vaqtda va tegishli ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirda yer qaʼridan foydalanish loyihasining ishlashi uchun keraksiz moneliklar yoki toʻsiqlarni vujudga keltirmasdan kirish, mazkur loyihani koʻzdan kechirish va tekshirish huquqiga ega.
Inspektor yer qaʼridan foydalanish loyihasining holati va maqomi oʻrganilishini hamda aniqlanishini oʻtkazishga va yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan majburiyatlarga rioya etilishini, shu jumladan mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha normalarga, shuningdek hisobdorlikka va moliyaviy majburiyatlarga rioya etilishini tekshirishga haqli.
Inspektor tekshirish oʻtkazish maqsadida yer qaʼridan foydalanish loyihasining rahbari yoki boshqa yuqori mansabdor shaxs, shuningdek inspektor zarur deb hisoblagan biror-bir boshqa mansabdor shaxs yoki xodim tekshirishni oʻtkazish jarayonida unga hamroh boʻlishini talab qilishi mumkin.
Tekshirish doirasida inspektor yer qaʼridan foydalanish loyihasidan foydali qazilmalar va boshqa moddalarning namunalarini tanlab olishi, hujjatlardan koʻchirmalar yoki koʻchirma nusxalar olishi, shuningdek yer qaʼridan foydalanish obyektini fotosuratga olishi mumkin. Inspektor oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishi jarayonida olingan yoki olib chiqib ketilgan biror-bir ashyo yoxud hujjat uchun tilxat beradi.
