125-modda. Nodir tosh xomashyosining, paleontologik qoldiqlarning va boshqa geologik kolleksiya materiallarining namunalarini toʻplash hamda bunday toʻplashni amalga oshirish uchun hududni aniqlash
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Nodir tosh xomashyosining, paleontologik qoldiqlarning va boshqa geologik kolleksiya materiallarining namunalarini toʻplash (bundan buyon matnda kolleksiya materiallarining namunalarini toʻplash deb yuritiladi) deganda nodir tosh xomashyosining, paleontologik qoldiqlarning va boshqa geologik kolleksiya materiallarining birlamchi namunalarini tabiiy togʻ jinslaridan, tabiiy yer osti boʻshliqlaridan (gʻorlardan), ishlatib boʻlingan ochiq konlardan, kon qazib olish ishlab chiqarishlarining toʻkindi uyumlaridan chiqarib olish, shuningdek yer qaʼrining yaxlitligini buzadigan konchilik ishlarini va ishlarning boshqa maxsus turlarini amalga oshirmasdan turib daryolar qayirlarida kolleksiya materiallarining namunalarini toʻplash tushuniladi.
Kolleksiya materiallarining namunalarini toʻplash alohida uchastkalarda va asbob-uskunalarni qoʻllamasdan amalga oshiriladi, bundan qoʻlda ishlatiladigan asboblar mustasno.
Kolleksiya materiallarining toʻplangan namunalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslarning mulki hisoblanadi hamda ular tomonidan ilmiy, ilmiy-maʼrifiy, tijorat, badiiy hunarmandchilik va boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin.
Kolleksiya materiallarining namunalarini toʻplash uchun yer qaʼri uchastkasining oʻlchami toʻrtta yonma-yon kadastr kvadratlaridan oshmasligi kerak boʻlib, ular shunday joylashgan boʻlishi kerakki, toki umumiy tutash nuqtaga ega boʻlgan tomonlar butun uzunlik boʻyicha oʻz tomonlarining loaqal bittasi bilan birlashadi.
