119-modda. Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati va uni uzaytirish tartibi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnoma uch yil muddatga beriladi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishuvga koʻra bir marta uch yilga uzaytirilishi mumkin. Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza Yer qaʼridan foydalanish markaziga oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashiga qadar oxirgi yil mobaynida beriladi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza dastlabki arizadagi ayni oʻsha axborotni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza yigirma ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Agar oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish davrida ruxsatnomaning muddati oʻtgan boʻlsa, bunday koʻrib chiqish davrida ruxsatnoma amal qilishda davom etadi. Ruxsatnomaning amal qilishini uzaytirish muddatini hisoblash ruxsatnoma amal qiladigan muddatning oxirgi kunidan keyingi kundan eʼtiboran boshlanadi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati yer qaʼridan foydalanuvchiga yangi ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish orqali uzaytiriladi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati quyidagi hollarda uzaytirilmaydi, agar:
1) uzaytirilishi soʻralayotgan muddat ushbu moddaning talablariga muvofiq boʻlmasa;
2) ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida ariza berishning ushbu moddada nazarda tutilgan muddati buzilgan boʻlsa;
3) oltin izlovchilar usulida qazib olish bilan bogʻliq qoʻshimcha ishlarni bajarish zarurati mavjud boʻlmasa;
4) yer qaʼridan foydalanish shartlarining buzilishlari bu haqda xabarnoma olinganidan keyin yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan darhol bartaraf etilmagan boʻlsa;
5) yer qaʼridan foydalanuvchi qazib olingan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni realizatsiya qilish boʻyicha ushbu Qonunning 121-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmagan boʻlsa.
