114-modda. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomaning amal qilishini tugatish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
1) ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaganda;
2) yer qaʼridan foydalanuvchi ushbu Qonunning 112-moddasiga muvofiq ruxsatnomadan voz kechganda;
3) ruxsatnoma ushbu Qonunning 115-moddasiga muvofiq bekor qilinganda;
4) jismoniy shaxs vafot etganda yoki oʻziga ruxsatnoma berilgan yuridik shaxs ushbu moddaning toʻrtinchi qismi inobatga olingan holda tugatilganda.
Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma amal qilishining tugatilishi yer qaʼridan foydalanuvchining bajarilmagan majburiyatlari tugatilishiga, shu jumladan ushbu Qonunda belgilangan tartib-taomilga muvofiq yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha bajarilmagan majburiyatlari tugatilishiga yoxud ruxsatnomaning amal qilishi muddati mobaynidagi biror-bir harakatlar yoki harakatsizlik uchun javobgarlik tugatilishiga sabab boʻlmaydi.
Ruxsatnoma amal qilishining tugatilishi yer qaʼridan foydalanuvchiga nisbatan ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaguniga qadar yuzaga kelgan javobgarlik masalalari yuzasidan yoki yer qaʼridan foydalanuvchiga nisbatan ruxsatnoma bekor qilingan paytga qadar boshlangan yoki davom etayotgan sud muhokamasiga taʼsir etmaydi.
Yuridik shaxs boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchining tugatilishiga faqat Yer qaʼridan foydalanish markaziga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga yer qaʼridan foydalanish oqibatlari tugatilganligiga doir dalolatnoma taqdim etilganidan keyin yoʻl qoʻyiladi.
Yer qaʼridan foydalanuvchi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomadan voz kechganda yer qaʼrida qolgan foydali qazilmalar zaxiralari va texnogen mineral hosilalar yer qaʼridan foydalanuvchi, Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining hamda Yer qaʼridan foydalanish markazining vakillari tomonidan imzolanadigan tegishli dalolatnomani rasmiylashtirish orqali davlat balansiga qaytariladi.
Yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganda yer qaʼri davlat fondi kadastrining ruxsatnomalar reyestriga tegishli yozuv kiritiladi.
