113-modda. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomaning cheklanishi yoki toʻxtatib turilishi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi ruxsatnoma doirasida kolleksiya materiallarining namunalarini toʻplash boʻyicha faoliyatdan tashqari yer qaʼridan foydalanishga doir ishlarni vaqtincha toʻxtatib turishga haqli. Toʻxtatib turish davri ruxsatnomaning umumiy amal qilish muddatiga kiritiladi. Ishlarning toʻxtatib turilishi yer qaʼridan foydalanish boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini toʻxtatib turish uchun asos hisoblanmaydi, bundan konchilik sohasidagi ishlab chiqarishlarni yoki neft-gaz operatsiyalarini vaqtinchalik konservatsiya qilish mustasno.
Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi ushbu Qonunning 14 va 15-moddalarida nazarda tutilgan vakolatlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining inspektorlari tomonidan ruxsatnoma doirasida quyidagi hollarda cheklanishi yoki toʻxtatib turilishi mumkin:
1) yer qaʼridan foydalanish natijasidagi ishlar taʼsir etadigan zonada aholining hayotiga yoki sogʻligʻiga yoxud atrof-muhitga tahdid yuzaga kelganda;
2) yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyat bilan bevosita bogʻliq ishlar loyihasi yoki ushbu Qonun qoidalari haqida yer qaʼridan foydalanuvchi xabardor qilinganidan keyin ushbu loyiha yoki qoidalar foydalanuvchi tomonidan jiddiy ravishda buzilganda va ularni muayyan vaqt ichida bartaraf etish yer qaʼridan foydalanish bilan bogʻliq ishlarni keyinchalik davom ettirish imkoniyatini berganda;
3) yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish uchun zaxira yetarli boʻlmay qolganda va zaxira ushbu Qonunning 151-moddasiga muvofiq almashtirilmaganda.
Yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnoma cheklanishi yoxud toʻxtatib turilishi mumkin.
Yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomalar ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan davlat organlarining taqdimnomalariga asosan koʻpi bilan oʻn kun muddatga cheklanadi yoki toʻxtatib turiladi.
Buzilishlarni bartaraf etish boʻyicha ishlarning tugallanishi bilan bogʻliq boʻlgan alohida hollarda yer qaʼridan foydalanish huquqini toʻxtatib turish oʻttiz kundan oshmagan muddatga, ushbu modda ikkinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan hollarda esa oltmish kundan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
