112-modda. Yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomadan yoki uning bir qismidan voz kechish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi ushbu Qonunning qoidalarini inobatga olgan holda, yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaguniga qadar istalgan vaqtda Yer qaʼridan foydalanish markaziga xabarnoma yuborish orqali butun ruxsatnomadan voz kechishga haqli.
Yer qaʼridan foydalanuvchi Yer qaʼridan foydalanish markazidan yer qaʼrining qolgan kadastr kvadratlari chegaradosh boʻlib qolishi va tomonlaridan loaqal biri butun uzunligi boʻyicha umumiy bogʻlanish nuqtasiga ega boʻladigan tarzda biror-bir kadastr kvadratlarini ruxsatnomadan chiqarib tashlashni ham soʻrashi mumkin.
Yer qaʼridan foydalanuvchining yer qaʼri uchastkasining bir qismidan voz kechish toʻgʻrisidagi arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:
1) yer qaʼridan foydalanuvchi voz kechayotgan kadastr kvadratlari va u oʻzida olib qoladigan kadastr kvadratlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar shunday maʼlumotlar mavjud boʻlsa, shu jumladan ruxsatnomaga kiritilgan, yer qaʼridan foydalanuvchi voz kechayotgan, shuningdek uning oʻzida qoladigan yer qaʼri uchastkasining hududi aniq koʻrsatilgan yetarlicha yirik masshtabli geologik xarita;
2) yer qaʼridan foydalanuvchining soʻroviga koʻra voz kechish kuchga kiradigan sana;
3) yer qaʼridan foydalanuvchi voz kechayotgan tegishli kadastr kvadratlaridagi qazib olish oqibatlarini tugatish toʻgʻrisidagi dalolatnoma.
Yer qaʼri uchastkasining bir qismidan voz kechish yer qaʼri uchastkasining chegaralari oʻzgarishi munosabati bilan ruxsatnoma ushbu Qonunning 109-moddasida belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirilishiga sabab boʻladi.
Yer qaʼridan foydalanish markazining yer qaʼridan foydalanuvchi voz kechayotgan kadastr kvadratlarini qabul qilishni rad etishi asoslantirilgan hamda ushbu Qonun va qonunchilik hujjatlari qoidalariga muvofiq boʻlishi kerak.
