40-modda. Saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida (990-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Kuchini yo'qotgan
Ovoz berish tugagach, saylov qutilarini ochishdan oldin uchastka saylov komissiyasining aʼzolari ishtirokida saylov varaqalari solingan yopiq konvertlar qutilarga tashlanadi. Foydalanilmagan barcha saylov byulletenlari uchastka saylov komissiyasi tomonidan sanab chiqiladi va bekor qilinadi.
Saylov qutilari uchastka saylov komissiyasining raisi ovoz berish tugaganini eʼlon qilganidan keyin uchastka saylov komissiyasi tomonidan ochiladi. Ovoz berish tugaguniga qadar saylov qutilarini ochish taqiqlanadi.
Uchastka saylov komissiyasi uchastkadagi saylovchilarning umumiy sonini, saylov byulletenlari va varaqalarni olgan saylovchilarning sonini aniqlaydi.
Uchastka saylov komissiyasi saylov uchastkasida har bir nomzod boʻyicha berilgan ovozlarni alohida-alohida sanab chiqadi.
Saylov qutilaridagi saylov byulletenlari va varaqalariga asosan komissiya:
ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning umumiy sonini;
har bir deputatlikka nomzodni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlar sonini;
haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar, saylov varaqalari sonini aniqlaydi.
Saylovchilar tomonidan byulletenlarga va saylov varaqalariga qoʻshimcha tarzda yozilgan fuqarolarning familiyalari boʻyicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi.
Belgilanmagan namunadagi saylov byulletenlari va varaqalari, shuningdek ovoz berish chogʻida bittadan ortiq nomzodning familiyasi qoldirilgan saylov byulletenlari va varaqalari haqiqiy emas deb topiladi. Saylov byulleteni yoki varaqasining haqiqiyligi shubha tugʻdirsa, masala uchastka saylov komissiyasi tomonidan ovozga qoʻyish orqali hal etiladi.
Ovozlarni sanab chiqish natijalari uchastka saylov komissiyasining majlisida qarab chiqilib, bayonda aks ettiriladi. Bayon rais, rais oʻrinbosari, komissiya kotibi, komissiyaning boshqa aʼzolari tomonidan imzolanadi va belgilangan tartibda tegishli okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi.
