39-modda. Ovoz berish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida (990-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Kuchini yo'qotgan
Saylov byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida toʻldiriladi. Saylov byulletenini toʻldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir boʻlishi taqiqlanadi. Saylov byulletenini mustaqil ravishda toʻldirish imkoniga ega boʻlmagan saylovchi oʻz xohishiga koʻra, saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslardan, kuzatuvchilardan va nomzodlarning ishonchli vakillaridan boshqa biron kishini kabina yoki xonaga taklif qilishga haqlidir.
Saylovda saylovchi oʻzi qarshi ovoz berayotgan nomzodlarning saylov byulletenidagi familiyalarini oʻchiradi.
Toʻldirilgan byulletenni ovoz beruvchi saylov qutisiga tashlaydi.
Buzib qoʻyilgan saylov byulleteni saylovchining iltimosiga koʻra yangisi bilan almashtirilishi mumkin. Buzib qoʻyilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi va alohida saqlanishi lozim.
Saylov kuni oʻz turar joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchi oʻz turar joyidagi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqasini talab qilib, bir qarorga kelgach, toʻldirilgan saylov varaqasini konvertga solib, uni yopiq holda uchastka komissiyasida qoldirishi mumkin. Saylovchi saylov varaqasini olganligi haqida saylovchilar roʻyxatiga imzo qoʻyadi. Saylov varaqasining shakli, saylov varaqalarini tayyorlash tartibi, ularni saylov uchastkalariga yetkazib berish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Ayrim saylovchilar salomatligining yaxshi emasligi yoki boshqa sabablarga koʻra ovoz berish binosiga kela olmaganlari taqdirda, ularning iltimosiga koʻra uchastka saylov komissiyasi komissiya aʼzolariga ovoz berishini ana shu saylovchilar turgan joyda tashkil etishni topshiradi.
