23-modda. Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov miqdorlari
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida (O‘RQ-937-son) · Sana: 05.08.2024 · Amalda
Ushbu Qonun 1-moddasi ikkinchi qismining 1, 2-bandlarida (bundan yashash uchun moʻljallanmagan joy obyektlari mustasno), 3, 5, 7, 8-bandlarida belgilangan asoslarga muvofiq yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik toʻlov undiriladi:
1) Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida;
2) Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida;
3) viloyatlar boʻysunuvidagi boshqa shaharlarda — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida;
4) boshqa aholi punktlarida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida.
Bir martalik toʻlovni toʻlashdan quyidagilar ozod etiladi:
1) bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida bir martalik yigʻimni toʻliq toʻlagan shaxslar;
2) I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslardan bir martalik toʻlov ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan toʻlovning ellik foizi miqdorida undiriladi.
Agar bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni eʼtirof etish ishlarini tashkil etish boʻyicha tuman (shahar) komissiyalari tomonidan shaxsning oʻzboshimchalik bilan qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish mumkin deb topish belgilangan xulosasiga asosan dalolatnoma shakllantirilgan, biroq bir martalik yigʻim undirilmagan yoki toʻliq hajmda undirilmagan boʻlsa, u holda bir martalik toʻlov ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq undiriladi, bunda bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida undirilgan bir martalik yigʻim summasi inobatga olinadi.
Bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida toʻlangan bir martalik yigʻim va ushbu Qonun doirasida undiriladigan bir martalik toʻlov oʻrtasidagi farq qaytarilmaydi.
Ushbu Qonun 1-moddasi ikkinchi qismining 2-bandida (bundan yakka tartibdagi uy-joylar mustasno), 4, 6-bandlarida, 12-moddasining beshinchi qismida belgilangan asoslarga koʻra yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov foydalanish turiga muvofiq yer uchastkasiga boʻlgan ijara va mulk huquqining oʻrtacha bozor qiymati miqdorida undiriladi.
