231-modda. Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlovni amalga oshirish tartibi va shartlari
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida (O‘RQ-937-son) · Sana: 05.08.2024 · Amalda
Ushbu Qonunga muvofiq yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib toʻlanishi mumkin.
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlovning ellik foizi ushbu Qonun 19-moddasining birinchi qismida belgilangan muddatda tegishli shaxslar tomonidan toʻlangan taqdirda, ular bir martalik toʻlovning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilinadi.
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi shartnoma tuman (shahar) soliq inspeksiyalari va tegishli shaxslar oʻrtasida avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali imzolanadi hamda ushbu toʻlovning hisob-kitobi yuritiladi. Agar yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi eʼtirof etilayotgan shaxs vafot etgan boʻlsa, mazkur shartnoma uning yaqin qarindoshlaridan biri tomonidan qogʻozda imzolanadi.
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qarorlari qabul qilingan kundan eʼtiboran tegishli shaxslar tomonidan quyidagi muddatlarda boʻlib-boʻlib toʻlanishi mumkin:
ushbu Qonun 23-moddasining birinchi qismida belgilangan bir martalik toʻlov bir yil muddatda;
ushbu Qonun 23-moddasining oltinchi qismida belgilangan bir martalik toʻlov uch yil muddatda.
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov tegishli shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlanmagan taqdirda, qarzdorlikni tuman (shahar) soliq inspeksiyalari tomonidan jarima va penya qoʻllanilmagan holda undirish choralari koʻriladi.
