19-modda. Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar tomonidan taqdim etiladigan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiya
Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-931-son) · Sana: 05.06.2024 · Amalda
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar tomonidan taqdim etiladigan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimiga aloqador shaxs hisoblangan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, shaxsiy identifikatsiya raqami yoxud yuridik shaxsning nomi va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining familiyasi, ismi va otasining ismi, lavozimi;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi bilan qarindoshlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
yuridik shaxsning davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimiga aloqadorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiya uni toʻldirgan jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining (ishonchli shaxsining) oʻz qoʻli bilan qoʻyilgan imzosi yoki elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
