20-modda. Manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash
Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-931-son) · Sana: 05.06.2024 · Amalda
Manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash quyidagi manbalardan olingan maʼlumotlarni oʻrganish orqali amalga oshiriladi:
ushbu Qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyadan;
davlat xaridlari jarayonida olingan takliflardan, xarid komissiyasi majlislarining bayonnomalaridan, tuzilgan shartnomalardan;
jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatidagi mavjud manfaatlar toʻqnashuvi yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi murojaatlaridan yoki xabarlaridan;
tijorat tashkilotlarining affillangan shaxslari va yakuniy naf oluvchilari (benefitsiarlari) roʻyxatlaridan;
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish modulidan;
“FHDY Yagona elektron arxivi” axborot tizimidan;
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo apparat-dasturiy majmuidan;
Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysidan;
maxsus vakolatli davlat organi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish natijalari boʻyicha kiritilgan taqdimnomadan.
Ushbu modda birinchi qismining beshinchi — toʻqqizinchi xatboshilarida koʻrsatilgan manbalardan maʼlumotlar olish maxsus boʻlinma rahbarining soʻrovi boʻyicha amalga oshiriladi.
Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining ommaviy axborot vositalariga, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻiga joylashtirilgan mavjud manfaatlar toʻqnashuvi yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi holatlari ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash va oʻrganish orqali aniqlanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlarni oʻrganish maxsus boʻlinma tomonidan amalga oshiriladi.
