18-modda. Ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish tartibi
Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-931-son) · Sana: 05.06.2024 · Amalda
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi shaxsga doir maʼlumotlari oʻzgargan taqdirda, ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani toʻldirishi va har yili 15-yanvardan kechiktirmay maxsus boʻlinmaga taqdim etishi kerak.
Davlat organiga yoki boshqa tashkilotga ishga qabul qilinayotgan nomzod, shuningdek boshqa ishga oʻtkazilgan xodim ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi belgilangan shakldagi deklaratsiyani toʻldirishi va taqdim etishi kerak.
Maxsus boʻlinma:
ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi har yilgi deklaratsiyani har yili 15-fevralgacha umumlashtiradi va tahlil qiladi;
ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha choralarning yetarliligini (toʻgʻriligini) taʼminlash uchun har yili 1-martga qadar odob-axloq komissiyasiga taklif kiritadi;
odob-axloq komissiyasi tomonidan qabul qilingan xulosaga asosan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar koʻrish toʻgʻrisida davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining bevosita rahbariga yoxud davlat organining yoki boshqa tashkilotning yuqori turuvchi rahbariga taklif kiritadi.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimligiga nomzod ishga qabul qilinayotganda yoxud davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi boshqa ishga oʻtkazilayotganda, ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etganidan keyin maxsus boʻlinma ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan ishlarni besh kunlik muddatda amalga oshiradi.
