9-modda. Tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazish uchun beriladigan talabnomaga doir talablar
Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida (267-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazish uchun beriladigan talabnoma bir tovar belgisiga yoki tovar kelib chiqqan bir joy nomiga taalluqli boʻlishi lozim.
Talabnomada quyidagilar boʻlishi kerak:
tovar belgisi sifatida belgini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza;
talabnomada koʻrsatilgan belgining tasviri;
belgilarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun tovarlar va xizmatlarning xalqaro tasnifiga muvofiq guruhlangan, tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan tovarlarning roʻyxati;
tovar ishlab chiqarilgan joyni joʻgʻrofiy obyekt chegarasida koʻrsatgan holda tovar kelib chiqqan joy nomini yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan tovar turining nomi hamda uning alohida xususiyatlari tavsifi.
Talabnomaga quyidagilar ilova qilinishi zarur:
talabnoma patent vakili orqali berilgan taqdirda talabnoma beruvchining ishonchnomasi;
talabnoma beruvchining zikr etilgan joʻgʻrofiy obyektda joylashganligini va alohida xususiyatlari mazkur joʻgʻrofiy obyektga xos tabiiy sharoitlar yoki boshqa omillar bilan yoxud tabiiy sharoitlar va ushbu omillarning birikmasi bilan bogʻliq tovar ishlab chiqarishini tasdiqlovchi hujjatlar;
chet ellik talabnoma beruvchining tovar kelib chiqqan joyning talabnomada ifodalangan nomidan tovar kelib chiqqan mamlakatda foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat.
Talabnoma berganlik uchun belgilangan miqdorda patent boji toʻlanadi.
Tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnomani rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarga taalluqli talablar maʼmuriy reglament bilan belgilanadi.
