8-modda. Tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatga olish uchun talabnoma berish
Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida (267-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan (bundan buyon matnda talabnoma beruvchi deb yuritiladi) Vazirlikka davlat axborot tizimlari orqali beriladi.
Jamoaviy belgini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar birlashmasi nomidan birlashma qatnashchilarining jamoaviy belgidan foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuviga muvofiq beriladi.
Tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma berilgandan soʻng Vazirlik ushbu talabnoma haqidagi maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytiga bir ish kuni ichida joylashtiradi.
Talabnoma haqidagi maʼlumotlar rasmiy veb-saytga joylashtirilgandan soʻng manfaatdor shaxslar Vazirlikka tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazish uchun nohalol topshirilgan arizalar haqidagi yozma eʼtirozlarini taqdim etishlari mumkin;
Tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma berilgan sana mazkur talabnoma Vazirlikka kelib tushgan sanaga qarab belgilanadi.
Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma, agar unda bir necha tovar koʻrsatilgan boʻlsa, talabnoma beruvchining iltimosnomasiga koʻra dastlabki talabnoma berilgan sana saqlangan holda ikki yoki bir necha talabnomaga ajratilishi mumkin.
Ilgari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga koʻra muhofaza qilingan tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan maʼmuriy reglamentda belgilangan tartibda beriladi.
