12-modda. Tovar belgisining ustuvorligi
Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida (267-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Tovar belgisining ustuvorligi tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun Vazirlikka talabnoma berilgan sanaga qarab belgilanadi.
Tovar belgisining ustuvorligi tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun birinchi talabnoma Sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasiga qoʻshilgan davlatda berilgan sanaga qarab, basharti shu sanadan keyingi olti oy mobaynida Vazirlikka tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnoma tushgan boʻlsa (konvensiya ustuvorligi), belgilanishi mumkin.
Sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasiga qoʻshilgan davlatlardan birining hududida tashkil etilgan rasmiy xalqaro koʻrgazmalarning yoki rasmiy deb tan olingan shunday koʻrgazmalarning eksponatlariga qoʻyilgan tovar belgisining ustuvorligi eksponat koʻrgazmada ochiq namoyish etila boshlangan sanaga qarab (koʻrgazma ustuvorligi), basharti shu sanadan keyingi olti oy mobaynida Vazirlikka tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnoma tushgan boʻlsa, belgilanishi mumkin.
Konvensiya yoki koʻrgazma ustuvorligi huquqini soʻrayotgan talabnoma beruvchi qoʻyilgan talab haqqoniy ekanligini tasdiqlovchi zarur hujjatlarni ilova qilgan holda bu haqda tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnomani berayotganida yoki Vazirlikka talabnoma tushganidan keyin ikki oy mobaynida maʼlum qilishi shart yoxud bu hujjatlarni tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnoma tushgan vaqtdan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay Davlat muassasasiga taqdim etishi lozim.
Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnoma ikki yoki bir necha talabnomaga ajratilgan taqdirda talabnomalarning har biri boʻyicha ustuvorlik dastlabki talabnomaning ustuvorligi sanasiga qarab belgilanadi.
Tovar belgisining ustuvorligi ilgari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga koʻra muhofaza qilingan tovar belgisining ustuvorligi sanasiga qarab belgilanishi mumkin.
