13-modda. Tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnomani davlat ekspertizasidan oʻtkazish
Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida (267-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnomani davlat ekspertizasidan oʻtkazish Davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi hamda rasmiy ekspertizadan oʻtkazishdan va talabnomada ifodalangan belgini ekspertizadan oʻtkazishdan iborat boʻladi.
Talabnoma beruvchi tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnomani davlat ekspertizasidan oʻtkazish davrida bu talabnoma yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar oʻz tashabbusi bilan talabnoma materiallarini tuzatish, aniqlashtirish yoki talabnoma mohiyatini oʻzgartirmaydigan maʼlumotlar bilan toʻldirishga haqli.
Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnomani davlat ekspertizasidan oʻtkazish davrida talabnoma beruvchi bu talabnoma yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar dastlabki talabnomada sanab oʻtilgan tovarlarni talabnomalar oʻrtasida taqsimlash orqali dastlabki talabnomani ikki yoki bir necha talabnomaga ajratishga haqli.
Davlat ekspertizasini oʻtkazish jarayonida qoʻshimcha materiallarsiz ekspertiza oʻtkazish mumkin boʻlmasa, Davlat muassasasi talabnoma beruvchidan bunday materiallarni soʻrab olishga haqli.
Davlat ekspertizasining soʻroviga binoan qoʻshimcha materiallarni talabnoma beruvchi soʻrov joʻnatilgan sanadan eʼtiboran uch oy mobaynida taqdim etmogʻi lozim. Talabnoma beruvchining iltimosiga koʻra mazkur muddat koʻpi bilan olti oyga uzaytirilishi mumkin. Agar talabnoma beruvchi soʻralayotgan qoʻshimcha materiallarni yoki ularni taqdim etish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrsatilgan muddatda taqdim etmasa, talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi.
Talabnoma beruvchi tomonidan oʻtkazib yuborilgan muddatlar talabnoma beruvchining mazkur muddat tugaganidan keyin kechi bilan ikki oy ichida bergan iltimosnomasiga binoan Davlat muassasasi tomonidan tiklanishi mumkin.
Tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnomani davlat ekspertizasidan oʻtkazish tartibi maʼmuriy reglament bilan belgilanadi.
