10-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (824-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati organlari favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida:
favqulodda vaziyatlar chogʻida aholini va hududlarni muhofaza qilish boʻyicha harakatlar rejasini ishlab chiqadilar;
aholining va hududlarning muhofazalanishiga oid axborotlar belgilangan tartibda toʻplanishi va almashinilishini, shuningdek favqulodda vaziyatlar tahdidi borligi yoki roʻy berganligi toʻgʻrisida aholi oʻz vaqtida voqif va xabardor etilishini amalga oshiradilar;
moddiy va moliyaviy resurslar rezervlarini yaratadilar, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tadbirlarini moliyalashni amalga oshiradilar;
idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, korxona, muassasa va tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarda barqaror ishlash imkoniyatini oshirishga yordamlashadilar;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha korxona, muassasa va tashkilotlar kuchlari va vositalarining shay holda turishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
avariya, halokat, tabiiy ofatlar sodir boʻlgan zonalarda qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlarni amalga oshirish uchun avariya-qutqaruv kuchlari (shu jumladan tezkor harakat boʻlinmalari) va maxsus tuzilmalarning doimo shay boʻlib turishini tashkil etadilar;
avariya-qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlarni tashkil etadilar hamda amalga oshiradilar, shuningdek bunday ishlar oʻtkazilishi chogʻida jamoat tartibi saqlanishiga koʻmaklashadilar;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
