9-modda. Vazirliklar va idoralarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlari
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (824-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Vazirliklar va idoralar favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida:
oʻz tasarrufidagi korxona, muassasa va tashkilotlarning favqulodda vaziyatlar sharoitida harakat qilishga shay boʻlib turishini taʼminlashlari;
tarmoqning va oʻz tasarrufidagi obyektlarning favqulodda vaziyatlar sharoitida barqaror ishlash imkoniyatini oshirish tadbirlarini ishlab chiqishlari va amalga oshirishlari;
favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha harakatlar rejasini, nizomlar, qoidalar va yoʻriqnomalarni kelishib olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga taqdim etishlari;
oʻz tasarrufidagi obyektlar xodimlarini qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari tarkibida favqulodda vaziyatlarda muhofazalanish usullariga va harakat qilishga oʻrgatishlari;
favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisida xabar berish mahalliy tizimlarini yaratishlari va ularni doimo shay holatda saqlab turishlari;
aholining va hududlarning muhofazalanish holati toʻgʻrisida belgilangan tartibda axborot berishlari, shuningdek tarmoq xodimlarini favqulodda vaziyat tahdidi borligi toʻgʻrisida xabardor qilishlari;
moddiy va moliyaviy resurslar rezervlarini yaratishlari;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish rejalariga muvofiq oʻz tasarrufidagi ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlarda hamda ularga tutash hududlarda avariya, qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlar tashkil etilishi, moliyalanishi va oʻtkazilishini taʼminlashlari;
oʻta muhim obyektlar va ularning xodimlarini favqulodda vaziyatlar sharoitida oʻz faoliyatlarini davom ettirishlari taʼminlanadigan punktlarga evakuatsiya qilish tadbirlarini amalga oshirishlari;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maxsus kuchlari va vositalari tashkil etilishini, tayyorgarlikdan oʻtkazilishini va shay boʻlib turishini taʼminlashlari;
oʻz tasarrufidagi obyektlar loyihalanishi, qurilishi va rekonstruksiya qilinishi chogʻida aholini va hududlarni muhofaza qilish masalalariga oid talablar bajarilishini nazorat qilib borishlari;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirishlari shart.
