11-modda. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlari
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (824-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida:
xodimlar hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha zarur choralarni rejalashtirishlari, moliyalashlari va amalga oshirishlari;
xavf manbai yuqori boʻlgan obyektlar xavfsizligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda deklaratsiya taqdim etishlari;
xodimlarni favqulodda vaziyatlar sharoitida qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari tarkibida muhofazalanish usullariga va harakat qilishga oʻrgatishlari;
xabar berish mahalliy tizimlarini yaratishlari va doimo shay holatda saqlab turishlari hamda favqulodda vaziyatlar tahdidi borligi yoki roʻy berganligi toʻgʻrisida xodimlarni oʻz vaqtida xabardor qilishlari;
favqulodda vaziyatlar sharoitida obyektlar ishi hamda xodimlar hayot faoliyati barqaror kechishini taʼminlashlari;
muhandislik-himoya inshootlari, zaruratga qarab, oldindan barpo etilishini taʼminlashlari hamda ularni doimo shay holatda saqlab turishlari;
favqulodda vaziyatlar roʻy berishi ehtimolini nazarda tutib, belgilangan tartibda moddiy va moliyaviy resurslar rezervlarini yaratishlari;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish kuchlari va vositalari yaratilishini, tayyorgarlikdan oʻtkazilishini hamda shay boʻlib turishini taʼminlashlari;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish rejalariga muvofiq oʻz tasarrufidagi obyektlarda avariya-qutqaruv ishlari oʻtkazilishini taʼminlashlari;
belgilangan tartibda ixtisoslashgan xizmatlar va tuzilmalarni yaratishlari, ularni shaxsiy tarkib, texnika va anjom bilan toʻldirishlari;
belgilangan tartibda evakuatsiyaga oid tadbirlarni oʻtkazishlari va odamlarni joylashtirish uchun oldindan bazalar tayyorlab qoʻyishlari;
belgilangan tartibda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida axborotlar taqdim etishlari shart.
