71-modda. Sudyaning vakolatlarini toʻxtatish
Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (162-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Sudya jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda uning vakolatlari toʻxtatiladi.
Sudyalarning vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan sudyalarning tegishli malaka hayʼati qarori bilan quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin, agar:
sudya oʻz lavozimiga zid faoliyat bilan shugʻullanayotgan boʻlsa;
sudya tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan boʻlsa;
sudya sud qarori bilan bedarak yoʻqolgan deb topilgan boʻlsa.
Sudyaning vakolatlari bu vakolatlarni toʻxtatishga sabab boʻlgan asoslar bekor boʻlgunga qadar toʻxtatiladi.
Sudya qonunchilikda belgilangan tartibda sudyalar malaka hayʼati qarori ustidan shikoyat qilishga haqli.
Sudyalik vakolatlarining toʻxtatilishi unga ish haqi toʻlanishi toʻxtatilishiga yoki uning ish haqi miqdori kamaytirilishiga, sudyaning taʼminoti darajasini pasaytirishga va sudyani ushbu Qonunda belgilangan daxlsizlik kafolatlaridan mahrum qilishga sabab boʻlmaydi, ehtiyot chorasi sifatida sudyaga nisbatan hibsga olish chorasi tanlangan hollar bundan mustasno.
