72-modda. Sudyaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish
Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (162-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Sudyaning vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari tugatiladi:
1) sudyaning qasamyodini buzgan taqdirda;
2) yozma ariza bergan taqdirda;
3) sudyalarning tegishli malaka hayʼati tomonidan ogohlantirish qilinganidan yoki vakolatlari toʻxtatilganidan keyin u sudya lavozimiga zid faoliyat bilan shugʻullanishni davom ettiravergan taqdirda;
4) belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan taqdirda;
5) Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini yoʻqotgan taqdirda;
6) unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
7) vafot etganda yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda;
8) sogʻligʻining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra uzoq vaqt mobaynida sudyalik vazifasini bajarishga qodir boʻlmay qolgan taqdirda;
9) sud raisining vakolat muddati tugashi munosabati bilan, agar u boshqa sudyalik lavozimiga oʻtishga rozilik bermasa.
Ushbu moddada nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining vakolatlari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan;
viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raisining va rais oʻrinbosarining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining vakolatlari — Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;
harbiy sudlar, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyasining, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raisining va sudyasining vakolatlari — Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlari sudyasining vakolatlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisining Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasiga asosan kiritiladigan taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan muddatidan ilgari tugatiladi.
Sudyaning vakolatlarini ushbu modda birinchi qismining 1, 3 va 8-bandlarida nazarda tutilgan hollarda sudyalarning tegishli malaka hayʼati qarori asosida muddatidan ilgari tugatishga yoʻl qoʻyiladi.
