70-modda. Sudyalar daxlsizligi
Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (162-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Sudyaning shaxsi daxlsiz. Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transporti va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir.
Sudyalarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash maqsadlarida ularga tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, adliya vaziri tomonidan belgilanadigan roʻyxat boʻyicha oʻqotar qurol beriladi. Zarur hollarda tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi sudya va uning oilasi uchun qurolli soqchilar ajratadi.
Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
Sudya Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
Sudya Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni koʻzdan kechirish, ularda tintuv oʻtkazish yoki ulardan ashyoni olish, telefondagi soʻzlashuvlarini eshitish, sudyani shaxsan koʻzdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek uning xat-xabarlarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni koʻzdan kechirish, olib qoʻyish yoki olishga faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurorining, viloyat, Toshkent shahar prokurorining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining ruxsati yoki sudning qarori bilan yoʻl qoʻyiladi.
Tumanlararo, tuman (shahar) sudining, hududiy harbiy sudning sudyasiga nisbatan jinoyat ishi yuqori turuvchi sud sudloviga, boshqa sudlarning sudyalariga nisbatan esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudloviga tegishlidir.
Sudda oʻz vazifalarini bajarayotgan davrda xalq maslahatchilariga sudyalar daxlsizligining barcha kafolatlari tatbiq etiladi.
