73-modda. Sudyalarning intizomiy javobgarligi
Sudlar toʻgʻrisida (924-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Kuchini yo'qotgan
Sudya faqat sudyalar malaka hayʼatining qaroriga asosan quyidagi hollarda intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin:
odil sudlovni amalga oshirish chogʻida qonunlarni buzganligi uchun;
sud ishini tashkil etishda beparvoligi yoki intizomsizligi oqibatida yoʻl qoʻygan kamchiliklari, xizmat sohasida yoki boshqa obroʻsini toʻkadigan xatti-harakati uchun.
Harbiy sudning sudyasi, shuningdek harbiy intizomni buzganligi uchun ham intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Sud qarorining bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishining oʻzi, shu qarorni chiqarishda qatnashgan sudya qonunni bila turib buzmagan yoki jiddiy oqibatlarga olib kelgan diyonatsizlikka yoʻl qoʻymagan boʻlsa, uning intizomiy javobgar boʻlishiga sabab boʻlmaydi.
Sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan belgilanadi.
