72-modda. Sudya vakolatining tugatilishi
Sudlar toʻgʻrisida (924-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi sudyasining vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan Oliy Majlis tomonidan; viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar sudyasining vakolatlari — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining xulosasiga asoslangan taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan; xoʻjalik sudlari sudyasining vakolatlari — Oliy xoʻjalik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan; Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlari sudyasining vakolatlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joqargʻi Kengesi Raisining belgilangan tartibdagi taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joqargʻi Kengesi tomonidan quyidagi hollarda tugatiladi:
a) sudyalik qasamyodini buzganda;
b) uning yozma arizasiga koʻra;
v) tegishli sudyalar malaka hayʼati tomonidan qilingan ogohlantirish yoki vakolatining toʻxtatilishiga qaramasdan oʻz lavozimiga zid faoliyat bilan shugʻullanishni davom ettirgan taqdirda;
g) sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan muomalaga layoqatsiz deb topilsa;
d) sudya Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotgan taqdirda;
e) unga nisbatan sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi mavjud boʻlsa;
j) sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga koʻra oʻlgan deb eʼlon qilingan taqdirda;
z) salomatligi yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra uzoq vaqt davomida sudyalik vazifasini bajarolmay qolgan boʻlsa;
i) vafot etishi munosabati bilan.
Sudyaning vakolati ushbu moddaning “a”, “v”, “z” bandlarida koʻzda tutilgan hollarda tegishli sudyalar malaka hayʼatining qarori asosida tugatilishi mumkin.
Sudya malaka hayʼatining qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga xaqli.
Xalq maslahatchilarining vakolati shu moddada koʻrsatilgan asoslar boʻyicha tugatiladi, “a” bandida nazarda tutilgan hol bundan mustasno.
