71-modda. Sudyaning vakolatlarini toʻxtatish
Sudlar toʻgʻrisida (924-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Kuchini yo'qotgan
Sudya jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda uning vakolati toʻxtatiladi.
Sudyaning vakolati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi va Adliya vazirining birgalikdagi taqdimnomasiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari va harbiy sudlar sudyalarining vakolati — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining, xoʻjalik sudlari sudyalarining vakolati esa — Oliy xoʻjalik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan quyidagi hollarda sudyalarning tegishli malaka hayʼati qaroriga asosan toʻxtatiladi, agar:
sudya lavozimiga zid faoliyat bilan shugʻullanayotgan boʻlsa;
sudya tibbiy tartibdagi majburiy davolash choralariga tortilgan yoki qonuniy kuchga kirgan sud qarori yoki ajrimi bilan uning muomala layoqati cheklansa;
sudya qonuniy kuchga kirgan sud qarori bilan bedarak yoʻqolgan deb topilsa.
Sudyaning vakolati uni toʻxtatishga sabab boʻlgan asos tugagunga qadar toʻxtatiladi.
Sudya malaka hayʼatining qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Sudyalik vakolatining toʻxtatilishi unga ish haqi toʻlamay qoʻyishga yoki uning miqdorini kamaytirishga, taʼminotini pasaytirishga va sudyani ushbu Qonunda belgilangan shaxsiy daxlsizlik kafolatlaridan mahrum qilishga sabab boʻlmaydi, ehtiyot chorasi sifatida sudya hibsga olingan hollar bundan mustasno.
