70-modda. Sudyalar daxlsizligi
Sudlar toʻgʻrisida (924-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Kuchini yo'qotgan
Sudyalarning shaxsi daxlsiz. Sudya daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transport va aloqa vositalariga, uning xat-xabarlariga, unga tegishli mulklar va hujjatlarga ham taalluqlidir.
Sudyalarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash maqsadida ularga tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oliy xoʻjalik sudi Raisi, Adliya vaziri tomonidan belgilangan roʻyxatga binoan oʻqotar qurol beriladi. Zarur hollarda esa, tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi unga va uning oilasi uchun qurolli soqchilar ajratadi.
Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
Sudya, tegishlicha, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi mumkin emas.
Sudyani tegishli malaka hayʼatining roziligi boʻlgan taqdirdagina maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortishga yoʻl qoʻyiladi.
Sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, uning shaxsiy yoki foydalanadigan transportiga kirish, ularni koʻzdan kechirish, tintuv oʻtkazish yoki ashyoni olish, telefonda soʻzlashuvini eshitish, sudyani koʻzdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek, unga tegishli mulklari va hujjatlarini, uning xat-xabarlarini koʻzdan kechirish yoki olishga faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurorining, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorining, Qurolli Quchlar harbiy prokurorining ruxsatiga yoki sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi.
Tuman (shahar) sudi, garnizon harbiy sudi sudyasiga nisbatan jinoyat ishi — yuqori turuvchi sud sudloviga, boshqa sudlar sudyalariga nisbatan esa — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudloviga tegishli.
Xalq maslahatchilari sudda oʻz vazifalarini bajarayotgan davrda sudyalar daxlsizligining barcha kafolatlaridan foydalanadilar.
