“21-modda. Siyosiy partiya fraksiyasining rahbari — Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-909-son)
“21-modda. Siyosiy partiya fraksiyasining rahbari
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-909-son) · Sana: 19.02.2024 · Amalda
Siyosiy partiya fraksiyasi oʻz tarkibidan fraksiya rahbarini saylaydi.
Siyosiy partiya fraksiyasining rahbari:
siyosiy partiya fraksiyasining faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Qonunchilik palatasi majlislarida koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan siyosiy partiya fraksiyasining kelishilgan nuqtai nazarini bayon etadi, ular boʻyicha rasmiy bayonotlar bilan chiqadi (siyosiy partiya fraksiyasining qaroriga koʻra mazkur vakolat siyosiy partiya fraksiyasining boshqa aʼzolari zimmasiga ham yuklatilishi mumkin);
Qonunchilik palatasi, uning organlari va mansabdor shaxslari bilan siyosiy partiya fraksiyasi nomidan muzokaralar olib boradi;
siyosiy partiya fraksiyasining partiya rahbar organlari bilan hamkorligini taʼminlaydi;
davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda siyosiy partiya fraksiyasi nomidan ish yuritadi;
siyosiy partiya fraksiyasining qarorlarini va boshqa hujjatlarini imzolaydi;
siyosiy partiya fraksiyasi majlislarining kun tartibini shakllantirish boʻyicha tavsiyalar beradi hamda muhokamaga kiritilgan masalalarni tayyorlash ustidan umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
siyosiy partiya fraksiyasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
siyosiy partiya fraksiyasining ishida ishtirok etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini va boshqa davlat organlarining rahbarlarini, ekspertlarni, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillarini taklif etadi;
siyosiy partiya fraksiyasi oldida turgan vazifalardan kelib chiqqan holda, siyosiy partiya fraksiyasining aʼzolariga ularning oʻz saylov okruglaridagi faoliyatini tashkil etishda har tomonlama koʻmaklashadi;
siyosiy partiya fraksiyasining samarali faoliyati uchun zarur boʻlgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Siyosiy partiya fraksiyasining rahbari mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport taʼminoti shart-sharoitlariga koʻra Spiker oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
Siyosiy partiya fraksiyasining rahbari siyosiy partiya fraksiyasining majlisida saylanadigan oʻrinbosariga (oʻrinbosarlariga) ega boʻladi.
Siyosiy partiya fraksiyasining rahbari yoʻqligida uning vakolatlarini siyosiy partiya fraksiyasi rahbarining oʻrinbosarlaridan biri amalga oshiradi.
Siyosiy partiya fraksiyasining rahbari vakolatlarining muddatidan ilgari tugatilishi toʻgʻrisidagi qaror siyosiy partiya fraksiyasining majlisida qabul qilinadi”;
2) 3-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi oʻz tarkibidan Qonunchilik palatasining Spikeri va uning oʻrinbosarlarini saylaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi.
Siyosiy partiyalar vakillari kengashi taqdim etgan nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari lavozimiga saylanmagan taqdirda, Siyosiy partiyalar vakillari kengashi deputatlar orasidan boshqa nomzodni taqdim etish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari Qonunchilik palatasi qoʻmitalari tarkibiga saylanishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari oʻz vazifalarini bajarish davrida siyosiy partiyaga aʼzolikni toʻxtatib turadi hamda fraksiya tarkibiga kirishi mumkin emas”;
3) 4-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylangandan va organlari shakllangandan soʻng bir oy ichida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimidan ozod etilganidan keyin yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi isteʼfoga chiqqanidan keyin bir oy ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi va maʼqullashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini taqdimnoma kiritilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida koʻrib chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida uning nomzodi koʻrib chiqilayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakat dasturini taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi uning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan koʻpi tomonidan ovoz berilgan taqdirda maʼqullangan hisoblanadi.
Agar ovoz berish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan koʻpining ovozini toʻplay olmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti barcha fraksiyalar bilan qoʻshimcha maslahatlashuvlar oʻtkazganidan soʻng Bosh vazir lavozimiga nomzodni yana ikki marta taqdim etish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga taqdim etilgan nomzod uch marta rad etilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni tayinlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan taqdirda yangi saylov tarqatib yuborish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullanganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi oʻrtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining muhokamasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga nisbatan ishonchsizlik votumi, agar uning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bersa, qabul qilingan hisoblanadi. Bu holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirini lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri bilan birga isteʼfoga chiqadi”;
4) 5-modda birinchi qismi:
“g” bandining ikkinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agar zarur asoslarga ega boʻlgan bunday tashabbusni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar yetakchi fraksiyalari qoʻllab-quvvatlasa hamda mazkur tashabbus Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida ovozga qoʻyilganda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy soni uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozini olsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirini lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi”;
“d” bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“d) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirilgan taqdirda”.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 11-aprelda qabul qilingan “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-403-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 4, 123-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 3, 157-modda, № 5, 261, 265-moddalar, № 9, 588-modda, № 12, 884-modda; 2020-yil, № 8, 488-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 11, 1061-modda) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 4-moddaning birinchi qismidagi “xoʻjalik boshqaruvi organlarining” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
2) 5-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Parlament nazorati shakllari quyidagilardan iborat:
Davlat budjeti ijrosining borishini koʻrib chiqish va nazorat qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (bundan buyon matnda Vazirlar Mahkamasi deb yuritiladi) mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi maʼruzasini eshitish;
Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi har yilgi milliy maʼruzasini eshitish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining (bundan buyon matnda Bosh vazir deb yuritiladi) mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini eshitish;
Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish;
Qonunchilik palatasi, Senat majlislarida davlat organlari rahbarlarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan axborotini eshitish;
Qonunchilik palatasi majlislarida hukumat aʼzolarining Qonunchilik palatasi deputatlari savollariga javoblarini eshitish;
Senat majlislarida viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlarining tegishli hududni rivojlantirish masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish;
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarining oʻz faoliyati masalalari boʻyicha hisobotlarini eshitish;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining (bundan buyon matnda Hisob palatasi deb yuritiladi) hisobotini koʻrib chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining hisobotini eshitish;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining hisobotini eshitish;
parlament soʻrovi;
Qonunchilik palatasi deputatining, Senat aʼzosining soʻrovi;
Qonunchilik palatasi, Senat qoʻmitalari tomonidan davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish;
qonun hujjatlarining ijrosi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini Qonunchilik palatasining, Senatning qoʻmitalari tomonidan oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan ular tomonidan monitoringni amalga oshirish;
parlament tekshiruvi”;
3) 7-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: “21-modda. Siyosiy partiya fraksiyasining rahbari Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-909-son). neolex.uz/uz/laws/law-6804079/21x2 (lex.uz/docs/-6804077)