“7-modda. Davlat budjeti ijrosining borishini koʻrib chiqish va nazorat qilish
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-909-son) · Sana: 19.02.2024 · Amalda
Qonunchilik palatasi Davlat budjetining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qonunchilik palatasiga Davlat budjeti ijrosining borishi toʻgʻrisidagi axborotni va zarur materiallarni har chorakda yuboradi.
Qonunchilik palatasi Davlat budjetining har chorakdagi ijrosining borishini koʻrib chiqadi. Uni koʻrib chiqish chogʻida Vazirlar Mahkamasining hisoboti, fraksiyalarning fikrlari va takliflari, Qonunchilik palatasi masʼul qoʻmitasining tegishli xulosasi eshitiladi, muhokama oʻtkaziladi hamda tegishli qaror qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni hisobot yilidan keyingi yilning 15-mayidan kechiktirmay Hisob palatasining xulosasi bilan birga Qonunchilik palatasiga taqdim etadi.
Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni fraksiyalarda, Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida dastlabki tarzda muhokama qilish asosida koʻrib chiqadi.
Davlat budjeti ijrosining borishi toʻgʻrisidagi masalani dastlabki tarzda muhokama qilish davomida fraksiyalar, Qonunchilik palatasi qoʻmitalari Davlat budjetining daromad qismi ijrosi xususida, ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilishi holati toʻgʻrisida tegishli organlardan qoʻshimcha axborotni, shuningdek ularning maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi haqidagi maʼlumotlarni talab qilib olishi mumkin. Bunda fraksiyalar joylarda budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi masalalarini Qonunchilik palatasining qoʻmitalari tomonidan oʻrganish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot fraksiyalarda, Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida muhokama qilinganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqiladi hamda Qonunchilik palatasining qarori bilan tasdiqlanadi”;
