8-modda. Bojxona organlarining mansabdor shaxslari
Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida (472-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Bojxona organlarining mansabdor shaxslari xizmat vazifalarini bajarish vaqtida davlat hokimiyatining vakillari hisoblanadilar va ularning bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etish borasidagi talablarini barcha yuridik va jismoniy shaxslar bajarishi shart.
Bojxona organlari mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga aralashishga hech kim haqli emas. Bojxona organlari mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarmaslik, ularning oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish, oʻz xizmat vazifalarini bajarishlari munosabati bilan ularning shaʼni va qadr-qimmatini haqoratlash, ularga qarshilik koʻrsatish, tahdid, zoʻrlik qilish yoki ularning hayotiga, sogʻligʻiga va mol-mulkiga tajovuz qilish qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
Bojxona organlarining mansabdor shaxslari xizmat vazifalarini bajarish vaqtida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tabel oʻqotar qurolini hamda maxsus vositalarni saqlash, olib yurish va qoʻllash huquqiga egadirlar.
Bojxona organlarida xizmatni oʻtash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Bojxona organlarining mansabdor shaxslarini ragʻbatlantirish va ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Bojxona organlarining intizomiy ustavi bilan belgilanadi.
