7-modda. Bojxona organlarining boshqa organlar va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi
Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida (472-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Bojxona organlari oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalarni davlat boshqaruvining boshqa organlari va davlat hokimiyati mahalliy organlari bilan hamkorlikda bajaradilar. Mazkur organlar bojxona nazoratini amalga oshirish hamda bojxona haqidagi qonun hujjatlarining buzilishiga qarshi kurashda bojxona organlariga koʻmaklashishlari shart.
Bojxona organlari aniqlangan huquqbuzarliklar boʻyicha mavjud materiallar toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek oʻzga axborotni boshqa organlar va tashkilotlar bilan almashishni, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik qilishdan foydalangan holda almashishni oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida, qonun hujjatlarida va bitimlarda belgilangan tartibda amalga oshiradi.
Bojxona organlari oʻz vakolatlari doirasida chiqaradigan hamma uchun majburiy tusdagi normativ hujjatlar tegishli vazirliklar, idoralar bilan kelishilishi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
Bojxona organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻz vakolatlariga kiradigan ayrim harakatlarning boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan bajarilishiga yoʻl qoʻyadilar.
Bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida banklar va boshqa moliya-kredit tashkilotlari:
xoʻjalik yurituvchi subyektlar bojxona toʻlovlari boʻyicha budjet oldidagi oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, bunday subyektlarning hisob-kitob raqamlari va boshqa hisobvaraqlarini sudning qaroriga binoan yopadilar;
kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilgan, oʻz muddatida toʻlanmagan bojxona toʻlovlari va bunday toʻlovlarni toʻlash muddati oʻtkazib yuborilganligi uchun penya summalarini xoʻjalik yurituvchi subyektlardan soʻzsiz tartibda undirib olish toʻgʻrisidagi bojxona organlarining farmoyishlarini (inkasso topshiriqlarini) bajaradilar;
ushbu modda beshinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning soʻmlardagi mablagʻlari yetishmasa va valyuta hisobvaraqlarida mablagʻlari mavjud boʻlsa, bojxona organlarining taqdimnomasiga koʻra valyuta birjasida mazkur valyuta mablagʻlarini budjet oldidagi qarzni toʻlash uchun zarur hajmlarda sotishni sotish kunidagi kurs boʻyicha amalga oshiradilar.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning aybi bilan bojxona toʻlovlari va jarima summalarini toʻlash kechiktirilgan boʻlsa, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektlar yoki bojxona organlarining bojxona toʻlovlarini oʻtkazish yoki qaytarish toʻgʻrisidagi topshiriqlari bank yoki moliya-kredit muassasalarining aybi bilan bajarilmagan boʻlsa (bajarish kechiktirilgan boʻlsa), xoʻjalik subyektlaridan, bank yoki moliya-kredit muassasalaridan belgilangan tartibda penya undiriladi.
