6-modda. Bojxona organlarining majburiyatlari
Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida (472-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Bojxona organlari:
yagona davlat bojxona siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etishga;
bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, bojlar toʻgʻri hisoblanishi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishini nazorat qilishga;
davlat xavfsizligini, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish, atrof muhitni muhofaza etish chora-tadbirlari amalga oshirilishiga koʻmaklashishga;
bojxona haqidagi qonun hujjatlarini qoʻllanish boʻyicha belgilangan tartibda uslubiy koʻrsatmalar va normativ hujjatlar ishlab chiqish hamda ularni nashr etishga;
yuridik va jismoniy shaxslarni tovarlar va transport vositalarini olib oʻtish hamda bojxona chegarasidan oʻtish vaqtidagi huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilishga;
faoliyat turlari bilan shugʻullanish huquqini beradigan maxsus ruxsatnomalarni (litsenziyalarni) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berishga;
oʻz xizmat vazifalarini bajarishlari natijasida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan davlat siri va tijorat siri hisoblangan axborotni oshkor etmaslikka majburdirlar.
Bojxona organlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni ham bajaradilar.
