94-modda. Kelishuv bitimining xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanishi shartlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Kelishuv bitimi hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun qarzdor javobgar boʻlgan fuqarolarning qarzlari toʻlab boʻlingandan keyin tuzilishi mumkin.
Qarzdor, tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxs kelishuv bitimi imzolangan paytdan eʼtiboran besh kun ichida xoʻjalik sudiga kelishuv bitimi tuzilganligini tasdiqlovchi ariza taqdim etishi kerak.
Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinishi lozim:
kelishuv bitimining matni;
kelishuv bitimini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kreditorlar yigʻilishining bayonnomasi;
barcha kreditorlarning ularning manzili va qarz summasini koʻrsatgan holda tuzilgan roʻyxati;
ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan fuqarolarning qarzlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmagan yoki kelishuv bitimini tuzishga qarshi ovoz bergan kreditorlarning yozma eʼtirozlari.
Kelishuv bitimi koʻriladigan sana haqida xoʻjalik sudi manfaatdor taraflarni xabardor qiladi. Xabardor qilingan shaxslarning hozir boʻlmasligi ishni koʻrishga monelik qilmaydi.
