93-modda. Kelishuv bitimining mazmuni
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Kelishuv bitimida qarzdor pul majburiyatlarining miqdori, ularni bajarish tartibi va muddatlari toʻgʻrisidagi va (yoki) qarzdorning pul majburiyatlarini voz kechish haqini berish, majburiyatlarni yangilash, qarzni kechish yoʻli bilan yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oʻzga usullar bilan tugatish toʻgʻrisidagi qoidalar boʻlishi kerak.
Kelishuv bitimida quyidagilar boʻlishi mumkin:
pul majburiyatlarining toʻlanishi kechiktirilganligi yoki boʻlib-boʻlib toʻlanishi toʻgʻrisidagi shartlar;
qarzdorning talabidan oʻzganing foydasiga voz kechish toʻgʻrisidagi shartlar;
qarzdorning pul majburiyatlarini uchinchi shaxslar tomonidan bajarish toʻgʻrisidagi shartlar;
qarzdan siylov qilish toʻgʻrisidagi shartlar;
kreditorlarning talablarini qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa usullar bilan qondirish toʻgʻrisidagi shartlar.
Kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmagan, shuningdek uni tuzishga qarshi ovoz bergan kreditorlar uchun kelishuv bitimining shartlari uni tuzishni yoqlab ovoz bergan, shu navbatdagi kreditorlar uchun belgilangan shartlardan yomon boʻlishi mumkin emas.
