95-modda. Kelishuv bitimining xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanishi oqibatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Tashqi boshqaruv jarayonida xoʻjalik sudi tomonidan kelishuv bitimining tasdiqlanishi kreditorlar talablarining qondirilishiga joriy etilgan moratoriy hamda bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishning tugatilishi uchun asosdir. Agar kelishuv bitimi xoʻjalik sudi tomonidan tugatishga doir ish yuritish davrida tasdiqlangan boʻlsa, xoʻjalik sudining qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarori ijro etilmasligi kerak.
Kelishuv bitimi xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab tashqi boshqaruvchi va ishonchli shaxsning vakolatlari bekor qilinadi. Tashqi boshqaruvchi va qarzdor-yuridik shaxsning ishonchli shaxsi qarzdorning rahbari tayinlangunga (saylangunga) qadar oʻz vakolatlarini bajarishni davom ettirib turadilar.
Kelishuv bitimi tasdiqlangan paytdan eʼtiboran tegishincha qarzdor-jismoniy shaxs yoki qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxs kreditorlarning qarzini toʻlashga kirishadilar.
