69-modda. Tashqi boshqaruvchining hisobotini koʻrib chiqish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Tashqi boshqaruvchining hisoboti tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugagandan soʻng oʻn kundan kechiktirmay yoki tashqi boshqaruvni muddatidan ilgari tugatish uchun asoslar yuzaga kelganidan keyin oʻn besh kundan kechiktirmay chaqiriladigan kreditorlar yigʻilishi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Tashqi boshqaruvchi tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugashiga kamida oʻn besh kun qolganda barcha kreditorlarga kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarni yuborishi shart.
Kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarda kreditorlar yigʻilishini oʻtkazish vaqti, joyi, shuningdek tashqi boshqaruvchining hisoboti bilan tanishish tartibi haqidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak.
Tashqi boshqaruvchining hisobotini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha kreditorlar yigʻilishi quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli:
qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganligi va u kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga kirishganligi munosabati bilan tashqi boshqaruvni tugatish toʻgʻrisidagi qaror;
tashqi boshqaruvning belgilangan muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;
qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qaror.
