70-modda. Tashqi boshqaruvchi hisobotining xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanishi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Tashqi boshqaruvchining kreditorlar yigʻilishi tomonidan koʻrib chiqilgan hisoboti va kreditorlar yigʻilishining bayonnomasi kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilgan sanadan keyin besh kundan kechiktirmay xoʻjalik sudiga yuboriladi.
Tashqi boshqaruvchining hisobotiga kreditorlar talablarining reyestri va kreditorlar yigʻilishi qabul qilgan qarorga qarshi ovoz bergan yoki ovoz berishda ishtirok etmagan kreditorlarning shikoyatlari ilova qilingan boʻlishi kerak.
Tashqi boshqaruvchining hisoboti hamda kreditorlarning shikoyatlari xoʻjalik sudi tomonidan majlisda koʻrib chiqiladi.
Majlis oʻtkaziladigan vaqt va joy toʻgʻrisida tashqi boshqaruvchi hamda shikoyat bergan kreditorlar xabardor qilinadilar.
Agar kreditorlar yigʻilishi qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganligi va u kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga kirishganligi munosabati bilan tashqi boshqaruvni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan boʻlsa, tashqi boshqaruvchining hisoboti xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanishi kerak, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar xoʻjalik sudi tomonidan kreditorlarning shikoyatlari asosliligi yoki qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganligi alomatlari yoʻqligi aniqlansa, xoʻjalik sudi tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlashni rad etadi.
Tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlash yoki tasdiqlashni rad etish yoxud tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish yoki kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Kreditorlar yigʻilishining qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida iltimosnomasi boʻlganda, shuningdek tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlashni xoʻjalik sudi rad etgan yoki bu hisobot tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugagandan soʻng bir oy muddat ichida taqdim etilmagan taqdirda xoʻjalik sudi qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
