68-modda. Tashqi boshqaruv yakunlari boʻyicha tashqi boshqaruvchining hisoboti
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugashidan kamida oʻn besh kun oldin, shuningdek tashqi boshqaruvni muddatidan ilgari tugatish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda tashqi boshqaruvchi kreditorlar yigʻilishiga hisobot taqdim etishi shart.
Hisobotda quyidagilar boʻlishi kerak:
qarzdorning soʻnggi hisobot davri uchun balansi;
qarzdor foyda va zararlarining hisobi;
qarzdorning pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlari boʻyicha kreditorlarning talablarini qondirishga qaratilishi mumkin boʻlgan erkin pul mablagʻlari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
qarzdorning qolgan debitorlik qarzi tafsiloti hamda qarzdorning amalga oshirilmay qolgan talab qilish huquqlari toʻgʻrisidagi maʼlumot;
qarzdorning qolgan kreditorlik qarzini toʻlash imkoniyati toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar.
Tashqi boshqaruvchining hisobotiga kreditorlar talablarining reyestri ilova qilingan boʻlishi kerak.
Tashqi boshqaruvchi hisobotni taqdim etish bilan bir vaqtda kreditorlar yigʻilishiga quyidagi takliflardan birini kiritadi:
qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganligi munosabati bilan tashqi boshqaruvni tugatish toʻgʻrisidagi taklif;
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi taklif;
tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi taklif;
tashqi boshqaruvni tugatish hamda qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish haqidagi taklif.
