54-modda. Kreditorlarning talablari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Kreditorlar qarzdorga nisbatan oʻz talablarini tashqi boshqaruv amal qilayotgan muddatning istalgan vaqtida taqdim etishga haqlidir. Mazkur talablar tashqi boshqaruvchiga qarzdorning pochta manzili boʻyicha yuboriladi. Kreditorlarning ushbu modda toʻrtinchi qismiga muvofiq belgilangan deb eʼtirof etiladigan talablari bu talablarni belgilangan deb bilish imkonini beruvchi hujjatlar ilova etilgan holda tashqi boshqaruvchiga yuboriladi.
Tashqi boshqaruvchi kreditorlarning taqdim etilgan talablarini koʻrib chiqadi va ularni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tegishli talab olinganidan keyin uzogʻi bilan ikki hafta ichida kreditorlar talablarining reyestriga tegishli yozuv kiritadi. Koʻrib chiqish natijalarini tashqi boshqaruvchi tegishli kreditorga kreditor talabi olingan paytdan eʼtiboran uzogʻi bilan bir oylik muddat ichida maʼlum qiladi.
Tashqi boshqaruvchining kreditorlar talablarini koʻrib chiqishi natijalari yuzasidan eʼtirozlar bu eʼtirozlar olingan paytdan eʼtiboran bir oylik muddat ichida kreditor tomonidan bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrayotgan xoʻjalik sudiga bildirilishi mumkin.
Kreditorlarning ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan muddatda eʼtirozlar bildirilmagan talablari qondirilish miqdori, tarkibi va navbati tashqi boshqaruvchi tomonidan aniqlanadigan belgilangan talablar deb hisoblanadi.
