55-modda. Qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Qarzdorning mol-mulki egasi yoki taʼsis hujjatlarida vakolat berilgan organlar qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish boʻyicha qaror qabul qilishga yoki tashqi boshqaruvchining vakolatlarini boshqacha tarzda cheklashga haqli emas, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar ushbu Qonunda yoki tashqi boshqaruv rejasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, yirik bitimlar va manfaatdorlik nazarda tutilgan bitimlar tashqi boshqaruvchi tomonidan faqat kreditorlar yigʻilishining (qoʻmitasining) roziligi bilan amalga oshiriladi.
Yirik bitimlar jumlasiga balans qiymati qarzdorning koʻchmas mol-mulkini yoki bitim tuzish paytidagi aktivlari balans qiymatining 10 foizidan koʻprogʻini tashkil etuvchi boshqa mol-mulkini tasarruf etishga olib keluvchi bitimlar kiradi.
Tashqi boshqaruvchiga yoki kreditorga nisbatan manfaatdor shaxslar taraf boʻlgan bitimlar manfaatdorlik nazarda tutilgan bitimlar deb eʼtirof etiladi.
