53-modda. Tashqi boshqaruvchining huquq va majburiyatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Tashqi boshqaruvchi rahbar vakolatlarini amalga oshiradi.
Tashqi boshqaruvchi quyidagilarga haqli:
kreditorlar yigʻilishini hamda kreditorlar qoʻmitasini chaqirish;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan cheklashlarni hisobga olgan holda qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish;
qarzdor nomidan kelishuv bitimi tuzish;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan miqdorda va tartibda haq olish;
agar ushbu Qonunda yoki kreditorlar bilan kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, oʻz vazifalarini amalga oshirishni taʼminlash uchun boshqa shaxslarni ularning faoliyatiga qarzdor mablagʻlaridan haq toʻlagan holda shartnoma asosida ishga jalb etish;
oʻz majburiyatlarini bajarishni muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisida xoʻjalik sudiga ariza taqdim etish;
ushbu Qonunning 56-moddasida belgilangan tartibda qarzdorning shartnomalarini bajarishdan bosh tortganligini bildirish.
Oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida tashqi boshqaruvchi qarzdorni bankrotlikka olib borganligi munosabati bilan uning pul majburiyatlari boʻyicha qonun hujjatlariga muvofiq subsidiar javobgar boʻlgan uchinchi shaxslarga nisbatan talablar qoʻyishga haqlidir.
Tashqi boshqaruvchi:
qarzdorning mol-mulkini oʻz tasarrufiga qabul qilishi va uni inventarizatsiya qilishi;
qarzdorning uchinchi shaxslarda turgan mol-mulkini qidirishga, aniqlashga va qaytarib olishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrishi;
tashqi boshqaruvni yuritish hamda kreditorlar bilan hisob-kitob qilish uchun maxsus hisobvaraq ochishi;
tashqi boshqaruv rejasini ishlab chiqishi va uni tasdiq uchun kreditorlar yigʻilishiga (qoʻmitasiga) taqdim etishi;
buxgalterlik, statistika hisobini va hisobotini yuritishi;
qarzdorga kreditorlar qoʻygan talablar yuzasidan belgilangan tartibda eʼtirozlar bildirishi;
qarzdorning qarzini undirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishi;
kreditorlar talablarining reyestrini yuritishi;
tashqi boshqaruv rejasini amalga oshirish yakunlari boʻyicha kreditorlar yigʻilishiga hisobot taqdim etishi;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirishi shart.
Oʻz huquq va majburiyatlarini amalga oshirish chogʻida tashqi boshqaruvchi qarzdor hamda uning kreditorlari manfaatlarini hisobga olgan holda harakat qilishi shart.
