48-modda. Tashqi boshqaruvni joriy etish oqibatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdan eʼtiboran:
qarzdorning rahbari oʻz vazifalarini bajarishdan chetlashtiriladi, qarzdorning ishlarini boshqarish tashqi boshqaruvchi zimmasiga yuklanadi;
qarzdorning boshqaruv organlari vakolatlari bekor qilinadi. Qarzdorning rahbari va qarzdorning boshqa boshqaruv organlari vakolatlari tashqi boshqaruvchiga oʻtadi, ushbu Qonunga muvofiq boshqa shaxslarga (organlarga) oʻtadigan vakolatlar bundan mustasno. Qarzdorning boshqaruv organlari tashqi boshqaruvchi tayinlangan paytdan eʼtiboran uch kunlik muddat ichida yuridik shaxsning buxgalteriya hujjatlari va boshqa hujjatlari, muhr va shtamplari, moddiy va boshqa qimmatli ashyolari tashqi boshqaruvchiga topshirilishini taʼminlashi shart;
kreditorlarning talablarini taʼminlash yuzasidan ilgari koʻrilgan chora-tadbirlar bekor qilinadi;
qarzdorning mol-mulkini xatlash va oʻziga tegishli mol-mulkni tasarruf etish yuzasidan qarzdorga nisbatan barcha cheklashlar faqat bankrotlik jarayoni doirasida qoʻllanilishi mumkin;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, pul majburiyatlari va qarzdorning majburiy toʻlovlari boʻyicha kreditorlar talablari qondirilishiga nisbatan moratoriy joriy etiladi.
Tashqi boshqaruv tugaganidan keyin qarzdor pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlar boʻyicha kreditorlarga toʻlashi shart boʻlgan neustoykalar (jarimalar, penyalar), shuningdek yetkazilgan zarar summalarini tashqi boshqaruvni joriy etish paytidagi miqdorlarda toʻlash talab qilinishi mumkin.
