49-modda. Kreditorlarning talablarini qondirishga nisbatan moratoriy joriy etish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Kreditorlarning talablarini qondirishga nisbatan moratoriy tashqi boshqaruv joriy etilgunga qadar bajarilish muddati kelgan pul majburiyatlariga va majburiy toʻlovlarga tatbiq etiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlar yuzasidan moratoriyning amal qilish muddati mobaynida:
undiruv soʻzsiz (akseptsiz) tarzda sodir etiladigan ijro hujjatlari va boshqa hujjatlar boʻyicha undiruvni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi;
pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlar bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun, shuningdek toʻlanishi lozim boʻlgan foizlar uchun neustoykalar (jarimalar, penyalar) va boshqa moliyaviy (iqtisodiy) sanksiyalar qoʻllanilmaydi.
Tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdagi pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlar boʻyicha kreditorlar talablarining summasiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va miqdorda foizlar hisoblab qoʻshiladi.
Tashqi boshqaruvchi shartnomani bajarishdan ushbu Qonunning 56-moddasiga muvofiq bosh tortganligi natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi kreditorlarning talablariga ham moratoriy tatbiq etiladi.
Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar bajarilish muddati tashqi boshqaruv joriy etilganidan keyin kelgan pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Moratoriyning amal qilishi fuqarolarning mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan, alimentlar undirish hamda mualliflik shartnomalari asosida haq toʻlash boʻyicha talablariga, shuningdek hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qarzdor javobgar boʻlgan fuqarolarning talablariga tatbiq etilmaydi.
