47-modda. Tashqi boshqaruvni joriy etish tartibi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Tashqi boshqaruv xoʻjalik sudi tomonidan kreditorlar yigʻilishining qarori, qarzdorning mol-mulki egasi yoki bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining arizasi asosida joriy etiladi, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xoʻjalik sudining tashqi boshqaruvni joriy etish toʻgʻrisidagi ajrimi darhol ijro etilishi kerak hamda uning ustidan qonun hujjatlarida belgilangan muddatda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Tashqi boshqaruv, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, oʻn ikki oydan yigirma toʻrt oygacha muddatga joriy etiladi.
Kreditorlar yigʻilishining iltimosnomasiga, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining qaroriga yoki tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan tashqi boshqaruv uchun belgilangan muddat xoʻjalik sudi tomonidan ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddatlar doirasida qisqartirilishi yoki uzaytirilishi mumkin.
