31-modda. Qarzdorning arizasiga ilova qilinadigan hujjatlar
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Qarzdorning oʻzini bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizasiga Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ham ilova qilinadi:
qarz borligini, shuningdek kreditorlarning talabini qarzdor toʻla hajmda qondirishga qodir emasligini tasdiqlovchi hujjatlar;
qarzdorning arizasiga asos boʻlgan boshqa holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar.
Qarzdorning arizasiga quyidagilar ham ilova qilinadi:
kreditorlik va debitorlik qarzlarini izohlagan hamda kreditorlar va arizachining qarzdorlari pochta manzilini koʻrsatgan holda tuzilgan kreditorlar va arizachi qarzdorlarining roʻyxati;
soʻnggi hisobot sanasigacha boʻlgan davrga taalluqli buxgalterlik balansi yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjatlar;
qarzdor-jismoniy shaxsning mol-mulki tarkibi va qiymati toʻgʻrisidagi hujjatlar;
qarzdorning mol-mulki egasi yoki qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilish haqidagi qarori;
agar yigʻilish qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza berilgunga qadar oʻtkazilgan boʻlsa, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishda ishtirok etish uchun qarzdorning xodimlari vakili saylangan yigʻilish bayonnomasi.
