32-modda. Kreditorning arizasi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Kreditorning arizasi xoʻjalik sudiga yozma shaklda beriladi. Kreditor-yuridik shaxsning arizasi uning rahbari yoki vakili tomonidan, kreditor-jismoniy shaxsning arizasi esa shu jismoniy shaxsning oʻzi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Kreditorning arizasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
ariza berilayotgan xoʻjalik sudining nomi;
arizachining nomi (familiyasi, ism-sharifi) va uning pochta manzili;
qarzdorning nomi (familiyasi, ism-sharifi) va uning pochta manzili;
toʻlanishi kerak boʻlgan foizlar va neustoykalar (jarimalar, penyalar) miqdori koʻrsatilgan holda qarzdorga arizachi qoʻyayotgan talablarning miqdori;
qarzdorning talab kelib chiqishiga sabab boʻlgan kreditor oldidagi pul majburiyati, shuningdek uni bajarish muddati;
kreditor talablarining asosliligini tasdiqlovchi dalillar, shu jumladan sudning qonuniy kuchga kirgan qarori, koʻrsatilgan talablar qarzdor tomonidan tan olinganligini tasdiqlovchi dalillar, notariusning ijro xati;
ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati.
Kreditorning arizasida bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni toʻgʻri hal qilish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatiladi, shuningdek kreditorda iltimosnomalar boʻlsa, ular ham aks ettirilishi mumkin.
Kreditor arizaning nusxasini qarzdorga yuborishi shart.
